Interpol qidiruvida bo‘lgan o‘zbekistonlik Misrdan ekstraditsiya qilindi

Hibsga olish va ekstraditsiya qilish ilk bor ikki davlat Interpol burosi orqali amalga oshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Diniy ekstremizmni targ‘ib qilishda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi Misrdan vataniga ekstraditsiya qilindi. Hibsga olish va ekstraditsiya qilish ilk bor ikki davlat Interpol burosi orqali amalga oshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi Misrdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qib yurib, taqiqlangan diniy ekstremistik oqimlardan biriga qo‘shilib, ushbu mamlakatda tahsil olayotgan vatandosh talabalar o‘rtasida tashviqot ishlarini olib borganidan keyin qidiruvga berilgan.
“Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jinoyatchi qo‘lga olinib, Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi”, — deyiladi IIV saytida.
Qayd etilishicha, endilikda u sodir etgan jinoyati uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi.