TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik dzudochi Muzaffarbek To‘raboyev Vengriya mezbonlik qilayotgan “Masters” turnirida -100 kg vazn toifasida g‘alaba qozonib, o‘zbek dzudosi uchun 12-yil kutilgan oltin medalni taqdim qildi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Musobaqani ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Lukash Krpalek ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlagan To‘raboyev chempionlik yo‘lida Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixayel Korrel (Niderlandiya), Boyan Dosen (Serbiya) va Peter Paltchik (Isroil) kabi sportchilarni dog‘da qoldirdi.
Shuningdek, kecha -90 kg vazn toifasida ishtirok etgan Davlat Bobonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga To‘raboyev 1800, Bobonov 900 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Yilda bir bora o‘tkaziladigan “Masters” musobaqasida o‘zbekistonlik sportchilardan so‘nggi bor Rishod Sobirov 2011-yilda g‘alaba qozongan.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi bu yilgi turnirni 1 ta oltin va 2 ta bronza medallari bilan yakunladi. Musobaqaning birinchi kunida Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olgan edi.