Isroil havo hujumi oqibatida to‘rt nafar suriyalik harbiy halok bo‘ldi

Isroil armiyasi Suriyadagi turli nishonlarga muntazam ravishda havo hujumlarini uyushtirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Damashq atrofida Isroil havo hujumi natijasida to‘rt nafar suriyalik harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Suriya Mudofaa vazirligi xabar berdi, deya yozadi RIA Novosti.
“(Hujum. –tahr.) to‘rt nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lishiga va yana to‘rt nafarining jarohatlanishiga olib keldi hamda moddiy zarar yetkazdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Arab Respublikasi Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari raketa hujumlarini “bosib olingan Golan tepaliklari tomonidan Damashq shahri yaqinidagi bir nechta obyektlarga qarshi amalga oshirilgan”.
“Bizning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarimiz dushman raketalarini tutib oldi, ularning bir qismini urib tushirdi”, — deyiladi harbiy vazirlik xabarida.
Isroil armiyasi Suriyadagi turli nishonlarga muntazam ravishda havo hujumlarini uyushtirmoqda. Xususan, Damashq, Halab, Tartus porti va Masaf shahridagi tadqiqot markazi o‘qqa tutilgan. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ta’kidlaganidek, Suriya hukumati Isroil hujumlari tufayli bir necha bor tashkilot bosh kotibiga murojaat qilgan, biroq Antoniu Guterrishdan hech qanday munosabat bildirilmagan. Moskva buni nomaqbul deb hisoblaydi.