TOShKENT, 6 avg — Sputnik. Qoraqalpog‘iston respublikasida o‘tgan yilning iyun oyidagi ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlagan xodimlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy sud rasmiy kanalida xabar berildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2023-yil 4-avgustdagi hukmi bilan 1996-yilda tug‘ilgan T. A. va 1985-yilda tug‘ilgan X. S. Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularning har biriga 2-yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 1979-yilda tug‘ilgan J. M. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi va 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga 1-yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi tomonlar qonunchilikda belgilangan tartibda Buxoro viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.