Yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash taqiqlanishi kutilmoqda — ro‘yxat

Ro‘yxatdan yovvoyi hayvonlarning 66 dan ortiq turlari joy oldi.
Sputnik
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash taqiqlanadi. Bu bo‘yicha Oliy Majlis Senatining 43 yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilik hujjatlarida fuqarolar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni uy sharoitida saqlash masalasi huquqiy tartibga solinmagan.
Senatorlar “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasiga (yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy ravishda yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash) kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ma’qullashdi.
Mazkur o‘zgartirish jismoniy shaxslar tomonidan saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxatini, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ushbu hayvonlarni saqlash tartibini belgilaydi.
“Ro‘yxatga yovvoyi hayvonlarning 66 dan ortiq turlari, jumladan, hasharotlar, baliqlar, zaharli ilonlar, ayiqlar oilasining barcha kenja turlari, yo‘lbarslar, timsohlar, lochinlar, yovvoyi mushuklar, bo‘rilar, shoqollar, tulkilar, orangutanlar, shimpanzelar va boshqa ko‘plab hayvonlar kiradi”, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati, shuningdek ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklatilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda yovvoyi hayvonlarning odamlarga hujumi bilan bog‘liq 2 ta holat qayd etilgan. Xususan, 2022-yilning 7-aprel kuni Toshkent viloyatida sher bolasi 3 yoshli bolaga hujum qilib, og‘ir jarohat yetkazgan.
Bu qiziq
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?