DXX o‘qishga kiritishni va’da qilgan OTM xodimlarini qo‘lga oldi — video

DXX Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida o‘qishga kiritishni va’da qilgan OTM xodimlarini qo‘lga oldi.
Sputnik
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalariga (OTM) o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi, deya xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.
Aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining qator viloyatlardagi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

Andijon viloyatidagi holat

Andijon davlat universiteti xodimi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurti Biologiya yo‘nalishining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatidagi holat

Qarshi shahrida yashovchi, 1992-yilda to‘g‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Qarshi davlat universitetining Sport fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir o‘tkazdi.

Chirchiq shahridagi holat

Chirchiq davlat pedagogika universitetining bo‘lim boshlig‘i 2 nafar fuqaroning Rossiya oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini o‘zi faoliyat yuritayotgan universitetga ko‘chirib berish va 2 nafar fuqaroga ingliz tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikat olib berish evaziga 10 100 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtining Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Qibray tumanida yashovchi er-xotin o‘zlarining tanishlari yordamida fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3500 dollar olgan vaqtida ushlandi.
“Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgust kuni oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 948 486 nafarni tashkil etdi.