Har bir tadbirkorga alohida soliqchi biriktiriladi

1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. O‘zbekistonda har bir tadbirkorning muammosini hal qilish uchun alohida soliq xodimi mas’ul bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Bunda yillik aylanmasi:
1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;
10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.
1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.
2024 yil 1-yanvardan esa kichik biznes subyektlari va fermerlarning hisobotini soliq idoralari elektron shaklda yuritadigan tizim bo‘ladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasiga soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 26 ta shahar soliq idoralari rahbarlarini ishdan bo‘shatgani xabar qilingan edi.