Toshkent va Bishkekda savdo uylari tashkil etiladi

Toshkent va Bishkek shaharlari hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirmoqchi.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Bishkekda Toshkent savdo uyi, Toshkentda esa Bishkek savdo uyini tashkil etish ishlari jadallashtiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Musa Djamanbayev bilan uchrashdi.
Shavkat Umurzoqov Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi
Poytaxt hokimi uzoq yillik do‘stlik va qardoshlik asosida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Musa Djamanbayev Bishkekda Toshkent savdo uyi hamda Toshkent shahrida Bishkek savdo uyini tashkil etish ishlarini jadallashtirish taklifini bildirdi.
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Musa Djamanbayev

“Toshkent bilan Bishkek va O‘sh shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganligiga ahamiyat qaratib, shaharlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy, investitsion va boshqa loyihalarni ko‘paytirish, shaharlar delegatsiyalarining o‘zaro manfaatli tashrifini amalga oshirishni taklif qildi”, - deyiladi xabarda.

Shavkat Umurzoqov Qirg‘iziston elchisining taklif va tashabbuslari Toshkent uchun alohida ahamiyatli ekanligini qayd etib, har bir yo‘nalishda birgalikda ishlashga, mavjud aloqalarni har tomonlama kengaytirish va rivojlantirishga tayyorligini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamkulov Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov bilan uchrashgan edi. Unda elchi Qozog‘istonda Toshkent savdo uyini ochishni taklif etgan edi.