TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Samarqandda test kitobini yirtgan abituriyent imtihondan chetlatildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Agentlik e’lon qilgan videoda abituriyent test kitobining varag‘ini yirtib olgani aks etgan.
“Kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan 7101863 raqamli test topshiriqlari kitobi 1-avgust kuni Samarqand viloyatida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli”, - deyiladi xabarda.
Mazkur abituriyent test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtib olib chiqib ketgani videokuzatuv orqali aniqlangan.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 261-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 52-bandiga muvofiq abituriyent test sinovidan chetlashtirildi.
Hujjatga ko‘ra, quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi:
test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
Eslatib o‘tamiz, 1-avgust kuni respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Test sinovlari hududlardagi abituriyentlar soni va imtihonlar o‘tkaziladigan binolarning sig‘imiga qarab 11 kundan 13 kungacha davom etadi.
Joriy yilda o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 948 ming 486 nafarni tashkil etdi.