O‘zbekistonlik sportchilar Vengriyadagi yengil atletika bo‘yicha JChda ishtirok etadi — ro‘yxat

Butunjahon yengil atletika federatsiyasi mazkur dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi qatnashishini tasdiqladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Vengriyada bo‘lib o‘tadigan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekistondan 5 nafar sportchi ishtirok etadi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Vengriyaning Budapesht shahrida 19-27 avgust kunlari yengil atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Butunjahon yengil atletika federatsiyasi musobaqada ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi qatnashishini tasdiqladi.
Unga ko‘ra, Yekaterina Voronina yetti kurash, Sharifa Davronova uch hatlab sakrash, Anvar Anvarov uzunlikka sakrash, Safina Sadullayeva balandlikka sakrash, Yekaterina Tunguskova marafon yugurish dasturlarida o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.
O‘zbekistondan musobaqada quyidagi sanalarda chiqishadi:
19 avgust: Yekaterina Voronina (100 metrga to‘siqlar osha yugurish, balandlikka sakrash, yadro uloqtirish va 200 metrga yugurish), Sharifa Davronova (saralash);
20 avgust: Yekaterina Voronina (uzunlikka sakrash, nayza uloqtirish, 800 metrga yugurish);
21 avgust: Sharifa Davronova (final);
23 avgust: Anvar Anvarov (saralash);
24 avgust: Anvar Anvarov (final);
25 avgust: Safina Sadullayeva (saralash);
26 avgust: Yekaterina Tunguskova (final);
27 avgust: Safina Sadullayeva (final).
Bellashuvlar davomida sportchilar Parij-2024 normativlarini bajarishsa, Olimpiada yo‘llanmalarini ham qo‘lga kiritishlari mumkin.