TOShKENT, 1 avg — Sputnik. To‘ra Bobolov Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar Bobolov SSP raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
To‘ra Bobolov 1970-yil tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1992-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini viloyat davlat mulk boshqarmasi kassiri sifatida boshlagan, so‘ng SSP hududiy boshqarmasi, Hududlarni kompleks rivojlantirish viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
1994-2003 yillarda O‘zbekiston Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlik davlat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan.
2003-2004 yillarda Surxondaryo viloyati tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi bo‘lgan.
2004-2016 yillarda SSP Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2019 yillarda Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. U 2019-yilning may oyida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, 2020-yil yanvarida viloyat hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangan. 2022-yilning dekabriga kelib u boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan. 2023-yildan hozirgi kunga qadar SSP raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.