Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Kiyev rejimi tunda Moskvaga 3 ta dron bilan hujum uyushtirdi

Mudofaa vazirligi: Ukrainaning 3 ta uchuvchisiz uchoqlarining Moskva va Moskva viloyatidagi obyektlarga zarba berishga urinishlari bartaraf etildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Seshanba kuni kechasi Kiyev rejimi Moskvaga 3 ta pilotsiz uchar apparati bilan hujum qildi, ikkitasi urib tushirildi, yana biri radioelektron kurash tizimi orqali bostirildi va Moskva shahri hududiga quladi, deb xabar qildi Rossiya Mudofaa vazirligi.

"1 avgustga o‘tar kechasi Kiyev rejimi tomonidan Moskva shahri va Moskva viloyatidagi obyektlarga pilotsiz uchar apparatlari yordamida uyushtirilgan teraktning oldi olindi. Moskva viloyatining Odinsovo va Narofominsk tumanlari hududi ustida Ukrainaning ikki droni havo hujumidan mudofaa tizimi yordamida yo‘q qilindi", — deyilgan xabarda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, radioelektron kurash ta’siridan boshqaruvni yo‘qotgan yana bir dron “Moskva Siti” majmuasi hududiga qulagan.
Avvalroq Moskva meri Sergey Sobanin dron “Moskva Siti” minoralaridan biriga qulagani, yana bir qanchasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qilgandi. Uning aniqlik kiritishicha, natijada 150 kvadrat metr maydondagi oynalar shikastlangan, jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Bu Kiyev rejimining Moskvada terakt uyushtirishga birinchi urinishi emas: xuddi shunday urinish o‘tgan yakshanba kuni ham qilingandi. Bir dron havo mudofaasi tomonidan urib tushirildi, ikkitasi radioelektron kurash tizimlari tomonidan bostirildi va “Moskva Siti” majmuasi hududiga quladi.