TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Bugun Buxorodagi 2 qavatli savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Aytilishicha, 1-avgust kuni soat 02:05 da Buxoro shahar Ibn Sino ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan 2 qavatli savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga viloyat garnizonidan 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari hamda 7 ta hamkorlikdagi xizmatlarning texnikalari jalb etildi.
“Yong‘in joyiga soat 02:07 da yetib borib, savdo do‘konlarining taxminan 700m2 maydonga tarqalib yonayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olingan va soat 03:11 da batamom o‘chirilgan”, - deyiladi xabarda.
Yong‘in oqibatida 2 qavatli 15 ta do‘konning ichki tovar mahsulotlari va shift qismi yongan. Xuddi shu manzilda bo‘lgan "Buxoro markaziy dehqon bozori" AJga qarashli 1 qavatli savdo pavilonidagi 8 ta savdo do‘konlari (jami 23 ta savdo do‘koni) ichida bo‘lgan tovar moddiy boyliklari va do‘kon jihozlari yonib zarar ko‘rgan.
“Yong‘indan bozor tasarufidagi pavilon va savdo do‘konlarining 10.000 m2 maydoni saqlab qolindi. Yong‘in natijasida insonlarning halok bo‘lish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi”, - deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Yong‘in yuzasidan tergovga qadar tekshiiruv ishlari olib borilmoqda. Yong‘inning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida yong‘in-texnik ekspertizasi tayinlangan.