Farg‘onada ekoshahar qurilmoqda — 70 gektar maydonda nimalar barpo etiladi?

“Yangi O‘zbekiston” massividagi 70 gektar maydonda bog‘ va sun’iy ko‘l barpo qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Farg‘onadagi “Yangi O‘zbekiston” massivida sun’iy ko‘l barpo etiladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrif chog‘ida “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.
Davlat rahbari yangi massiv qurilishini borib ko‘rdi
Aytilishicha, bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga mo‘ljallangan 298 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
“Bu yil massivda 73 ta uy barpo etilmoqda. Ularning dastlabkilari foydalanishga topshirilib bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hududda maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi bo‘ladi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Massiv o‘ziga xos ekoshahar bo‘ladi - 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va sun’iy ko‘l barpo qilinadi. Bo‘sh maydonlarga ham daraxtlar ekiladi. Sun’iy ko‘l atrofida so‘lim xiyobon tashkil etiladi.
Prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.