YPX xodimlarining javobgarlik hududi kengaytiriladi

Barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (IIV JXD YHXX) yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IIVning kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi”, - dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun:
nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerak;
qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarur;
harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan “yama” va “garmoshkalar”ni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.
Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish loyihasini boshlashga ko‘rsatma berildi.