TOShKENT, 28-iyul — Sputnik.Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi.
Yig‘ilishda jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Rahmonovga, mahallada profilaktika inspektorlari ishini lozim darajada tashkil qilmagani uchun, ichki ishlar vazirining ushbu sohaga mas’ul o‘rinbosari B.Abdullayevga hayfsan e’lon qilindi va uch oy sinov muddati tayinlandi.
Prezident barcha viloyat prokurorlari va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli xulosa qilmasa, yil yakuni bilan barchasi lavozimidan ozod etilishini aytdi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan:
Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, G‘ijduvon, Kogon, Tuproqqal’a, Taxtako‘pir, Tomdi, Yakkabog‘, Oltinsoy, Zafarobod, Boyovut, Guliston, Mingbuloq, Oltinko‘l tumanlari ichki ishlar boshliqlari;
Andijon, Bandixon, Buvayda, Narpay, Yunusobod tumanlari prokurorlari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.