Bosh prokuratura Toshkentdagi liftda vafot etgan ayol haqida rasmiy ma’lumot berdi

32 yoshli ayol Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, qaytib chiqmagan.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. 27-iyul kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning liftida notanish ayol o‘lgan holatda topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Aniqlanishicha, 24-iyul kuni soat taxminan 14-50 larda 32 yoshli ayol yuqorida ko‘rsatilgan manzildagi ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, qaytib chiqmagan.
26 iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari ichki ishlar idorasiga bedarak yo‘qolganligi yuzasidan xabar bergan.
Tekshirish davomida uy yashovchilari bu lift bir necha kundan buyon ishlamayotganligi, oldin ham ishlamay qolishi holatlari ko‘p marotaba bo‘lganligini aytishgan.
Shifokorlarning dastlabki tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga yurakning ishemik kasaligi, o‘tkir yurak, qon-tomir va nafas yetishmovchiligi sabab deb ko‘rsatilgan.
“Jamoatchilikda ushbu voqea bo‘yicha bildirilayotgan taxminlar tergovga qadar tekshiruv davomida mutaxassislar yordamida to‘liq tekshirilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, - deyiladi xabarda.