TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistondagi turizm sohasida xizmat qilayotgan davlat xizmatchilari Singapurda malaka oshiradi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Singapurda O‘zbekistondagi davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Singapurga bordi.
Safarning birinchi kunida Singapur turizm menejmenti institutida uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Singapurga bordi
© Agentstvo razvitiya gosudarstvennoy slujbi
“Uchrashuv yakuni bo‘yicha Madaniyat va turizm vazirligida hamda turizm sohasida xizmat qilayotgan davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslarini Singapurda tashkil etish, shuningdek, masofadan turib onlayn o‘quvlar tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.
Mazkur institut butun dunyodan turizm sohasidagi xodimlarni malakasini oshirish, gidlarni tayyorlash, umuman, turizm menejmentini shakllantirish bo‘yicha ishlarni olib boradi.
Shuningdek, safar davomida Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi, Singapur turizmni boshqarish instituti, PSB akademiyasi kabi yetakchi ta’lim muassasalarida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda xalqqa yo‘naltirilgan samarador va natijador davlat xizmati, yetakchilik, iqtisodiyotning muhim sektorlari uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan. Xususan, ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.