Toshkent metrosi anomal issiq tufayli tezlikni pasaytiradi

Toshkent metrosi harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi, sovutish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Toshkent metrosi anomal issiq tufayli tezlikni pasaytiradi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” xabar berdi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston hududida keskin anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda.
Xabarda aytilishicha, harorat ko‘tarilishi natijasida yer usti temir yo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘ladi.
Shu bois yo‘lovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi.

“Natijada poyezdlar harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi, harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilgan poyezdlarda esa sovutish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkin”, - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, temir yo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra relslarning harorati +55 darajadan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytiriladi. Ya’ni relslarning harorati +60 darajagacha bo‘lganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajagacha 25 km/soatdan oshmasligi, +70 va undan yuqori darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida ham Toshkent metrosi issiq ob-havo tufayli tezlikni pasaytirgan edi.