O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi.
Xususan, 26-iyulda respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. O‘tgan yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan. Kechagi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq bo‘ldi.
Bundan oldin 12-iyul kuni respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt⋅soatni tashkil etib, rekord ko‘rsatkich yangilangan edi.
Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi iste’molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) ko‘pdir.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27-iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 mln kVt⋅soatni, kunduzgi iste’mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi.