TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Farg‘ona viloyatiga amlaga oshirilayotgan tashrifi davomida Oltiariq tumanidagi fermerning uzumzorlariga tashrif buyurdi.
2020 yilda tumanda “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi tomonidan 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan edi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, o‘rtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.
Bu yerda “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Ular kelgusi yildan to‘liq hosilga kiradi va jami 3 ming tonna uzum yetishtiriladi.
Yana bir muhim tomoni, fermer xo‘jaligida mavsumiy yumushlar bilan birga 700 kishining bandligi ta’minlangan. Ular kuniga 200 ming so‘mgacha ish haqi oladi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bog‘ yonida 2 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan sovutkichli ombor qurilgan. Bu yerda mahsulotlar saqlanib, saralanib, Turkiya va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.
"Har bir hududning “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirib, odamlarga ish o‘rni va daromad manbai yaratish - davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi. Oltiariq tumanida dehqonchilik shunday tayanch soha. Bu yerning odamlari mahsulot yetishtirish va uni eksport qilishning hadisini olgan", - deyiladi xabarda.
Prezident O‘zbekistonda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar ko‘pligini ta’kidlab, ularda ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana