BMT konferensiyasida O‘zbekistonning agro islohatlari qo‘llab-quvvatlandi

FAO konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratdi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) konferensiyasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyatining taqdimoti bo‘ldi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Mazkur konferensiyada 160 dan ortiq davlatlardan kelgan 2000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi dastlab butun dunyo e’tiborini tortayotgan muammo — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratdi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Jumladan, mamlakatda 600 mingta oilaga ajratilgan 200 ming gektar yer, ta’lim muassasalaridagi bepul ovqatlanish uchun ajratilgan 204 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ayni paytda mamlakatda o‘zlashtirish imkoni bo‘lgan 1 million gektardan ortiq maydon qayta foydalanilishiga erishiladi.

“Konferensiyada chiqish davomida bayon etilgan masalalar xorijlik mutaxassislar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi”, - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad 2022-yilda BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha sammiti yakunlari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning asosiy omili sifatida oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish orqali erishilgan yutuqlarni baholashdan iborat.