TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Toshkent viloyatida xorij brendlari ostida kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Aytilishicha, viloyatning Yangiyo‘l tumanida “ZARA” va “COLUMBIA” brendi ostida tekstil-to‘qimachilik yo‘nalishida yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda tuman mas’ullari umumiy qiymati 25 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali 2 ta bosqichdan iborat tekstil-to‘qimachilik yo‘nalishida yangi loyihani amalga oshirish yuzasidan Turkiyaning “MEDEX TEXTILE” korxonasi rahbari Yavuz Orxan bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, trikotaj mato ishlab chiqarish va bo‘yash ishlarini amalga oshirish loyihasini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
“Mazkur loyihalar doirasida 500 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda yiligi 20-30 mln dollar miqdorida eksportni amalga oshirish nazarda tutilgan”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 oyi mobaynida tumanda umumiy qiymati 48,3 mln dollar miqdorida 36 ta loyiha ishga tushirilib, 1782 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Ushbu loyihalarning asosiy qismi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.