TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Sputnik Litva bosh muharriri Marat Kasem Latviyani tark etdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Sputnik radiosi efirida ma’lum qildi.
“Jinoiy ta’qib qayta boshlanishidan xavfsirab, Marat Kasem imkoniyatdan foydalandi va bu mamlakatni tark etdi”, - dedi Zaxarova. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Rossiya TIV rasmiy vakilining ta’kidlashicha, Latviya hukumati jurnalistni “tinch qo‘ymasligi” oyday ravshan edi.
Aprel oxirida Marat Kasemni Latviya qamoqxonasidan mamlakatdan chiqib ketmaslik haqidagi tilxat bilan qo‘yib yuborishgan edi. Iyun oxirida mamlakat hukumati Latviya qonunlarini buzishda aybini tan olganini inobatga olib, Kasemga jarima qo‘llashga qaror qilgan. U jarimani to‘lagan va mamlakatdan chiqib ketmaslik haqidagi tilxatdan ozod bo‘lgan.
Marat Kasem, Sputnik Litva bosh muharriri, Latviya fuqarosi, lekin Moskvada yashaydi va ishlaydi. Jurnalist 2020-yil 30-dekabr kuni og‘ir xasta buvisini ko‘rish uchun Rigaga jo‘nab ketgan edi. U yerda Kasem sanksiyalarni buzganlik va josuslikda ayblanib, maxsus xizmatlar tomonidan hibsga olingan edi.
Kasemning advokati uning garov evaziga ozod etilishini talab qilgan bo‘lsa-da, biroq 5-yanvar kuni sud uni hibsda saqlashga qaror qilgan. Keyin esa u Riga markaziy qamoqxonasiga o‘tkazilgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Kasemning hibsga olinishini so‘z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro shartlarning buzilishi deb atagandi. Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova Kasemning Rigada hibsga olinishini so‘z erkinligiga hujum deb atagan va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga murojaat qilgan.
"Rossiya segodnya" media guruhi rahbari Dmitriy Kiselov jurnalistning Latviyada qo‘lga olinishini bema’nilik va qonunga zid deb atadi va mediaguruh uning ozod qilinishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi va xalqaro jamiyatdan e’tibor qaratishni talab qilishini ma’lum qildi.