TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Chet elda qiyin vaziyatlarda qolgan 523 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Ahror Burhonov ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotga ko‘ra, chet elda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 523 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, 113 nafari vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi.
“Pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 133 nafar O‘zbekiston fuqarosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarib olib berildi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yanvar – iyun oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 60 528 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 18 259 tasi vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 42 269 tasi esa chet eldagi vakolatxonalarga kelgan.
Barcha murojaatlar ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan.