TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Shveysariyada bo‘lib o‘tgan xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta medalga ega chiqishdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘zning Telegram-kanalida xabar berdi.
Surix shahrida 16-25 iyul kunlari o‘tkazilgan 55-xalqaro kimyo olimpiadada 90 ga yaqin mamlakatdan 350 nafargacha maktab o‘quvchilari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
G‘oliblar:
Oltin - Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azizbek Nazarov hamda Uchtepa tumanidagi 81-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abdulloh Mahmudov;
Kumush - Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shahzoda Hakimova;
Bronza - Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sohibjon Dilmurodov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 3-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro olimpiadalarda yutuqlarga erishgan o‘quvchilar va ularning ustozlari pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Unga ko‘ra, oltin medal olgan o‘quvchiga BHMning 500 baravari (165 mln so‘m), ustoziga esa 450 baravari (148,5 mln so‘m) miqdorida pul mukofotlari beriladi. Shuningdek, kumush medal uchun o‘quvchi 300 baravar (99 mln so‘m), ustozi 250 baravar (82,5 mln so‘m), bronza medal uchun o‘quvchi BHMning 200 baravari (66 mln so‘m), ustozi 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofoti oladi.