Tez orada O‘zbekistonda xalqaro brend ostida yangi mehmonxonalar ish boshlaydi

Birlashgan Arab Amirliklarining Rotana brendi O‘zbekistonning 4 ta shahrida mehmonxonalarni ishga tushirish taklifini berdi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Tez orada O‘zbekistonda Birlashgan Arab Amirliklari brendi ostida mehmonxonalar ish boshlaydi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Rotana Hotels and Resorts (Rotana mehmonxonalar boshqaruvi) korporatsiyasi direktorlar kengashi a’zosi Husayn al Novais bilan uchrashdi.
Xorijlik mehmon arab davlatlarida O‘zbekiston bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, bu quyoshli yurtning to‘liq imkoniyatlarini ochib bera olmayotganligini ta’kidladi. Shu boisdan kelajakda bu yo‘nalishda hamkorlik qilish masalasini ilgari surdi.
Madaniyat va turizm vaziri Rotana Hotels and Resorts korporatsiyasi direktorlar kengashi a’zosi bilan uchrashdi
Ikki tomonlama o‘tkazilgan muloqotlar jarayonida shuyilning oktabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambliyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda korporatsiyaning ishtiroki va uning doirasida amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi.
Madaniyat va turizm vaziri Rotana Hotels and Resorts korporatsiyasi direktorlar kengashi a’zosi bilan uchrashdi
"Muloqot yakunida Husayn al Novais Rotana korporatsiyasi brendi ostida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mehmonxonalar boshqaruvi bilan shug‘ullanish yoki investitsiya kiritgan holda yangi mehmonxonalarni ishga tushirish taklifini berdi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, xorijdan sifatli kadrlarni jalb etgan holda o‘zbekistonlik yoshlarni ishga tayyorlash va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotganlarni dunyo bo‘ylab Rotana brendi mehmonxonalarida malakasini oshirish loyihalari ham o‘rganildi.
Tomonlar mazkur loyihalar bo‘yicha tez kunlarda kompaniyaning maxsus ishchi guruhini O‘zbekistonda qabul qilish va ish jarayonlariga kirishish borasida kelishib olishdi.