Jazoni o‘tab chiqqanlarni ishga olganlarga subsidiya berish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning bandlik holatini doimiy monitoring qilib borish tizimi joriy qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda jazoni o‘tab chiqqan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya berish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjatga ko‘ra, 2023-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlariga ishga qabul qilgan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan har bir shaxs uchun BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratilishi tartibi joriy etiladi. Subsidiya Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladi.
Subsidiya, ishga joylashtirilgan shaxs ish joyida kamida 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng to‘lanadi.
Ichki ishlar organlari fuqaro jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni mehnat organlariga taqdim etib boradi.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning bandlik holatini doimiy monitoring qilib borish tizimi joriy qilinadi. Ularning bandlik holatini real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Loyiha 4-avgustgacha muhokamada bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda qamoqdan chiqqan fuqarolarga bir marta 9,2 mln so‘m yordam puli beriladi. Yordam pullari ushbu masalasini ko‘rib chiquvchi idoralararo doimiy komissiyalarning qarorlari asosida beriladi.