TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda ayrim davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Agentlik davlat boshqaruv organlari va davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini o‘rgandi.
Unda 6 nafar rahbar mansabdor shaxs (3 nafar tuman-shahar hokimi, 1 nafar agentlik, 1 nafar unitar korxona va 1 nafar qo‘mita rahbari) tadbirkorlik subyektlarining ta’sischilari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
“Aniqlangan holatlar bo‘yicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritildi. Mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyektlaridagi faoliyati tugatilishi bo‘yicha choralari ko‘rilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmasligi belgilangan.