Toshkentda avtobus 51 yoshli yo‘lovchini urib yubordi

Piyoda yo‘lning belgilanmagan qismini kesib o‘tayotgan bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida avtobus urib yuborgan piyoda vafot etdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l-transport hodisasi 19-iyul kuni soat 17:00 atrofida tumanning Bobur ko‘chasida ro‘y bergan. “Yutong” avtobusi haydovchisi A.D. yo‘lning belgilanmagan qismini kesib o‘tayotgan piyoda — 51 yoshli G‘.K.ni urib yuborgan.
YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan, u vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.