O‘zbekistonda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey ochiladi — manzil

Muzeyda jadidchilik namoyandalarining qo‘lozmalari va shaxsiy buyumlaridan iborat yangi ekspozitsiya hamda jadidchilik tarixini ochib beruvchi maxsus yaratilgan multimedia tizimi o‘rin oladi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey tashkil etiladi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Hovli poyon” uyida jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey tashkil etiladi.
O‘zbekistonda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey ochiladi
1860-1870 yillarda qurilgan va G‘oziyon mahallasida Gavkushon madrasasi yonidagi uy mashhur ziyoli, ma’rifatparvar, Markaziy Osiyo jadidchiligi yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevga tegishli bo‘lgan. Aynan shu uyda ilk bor yangi usuldagi maktablardan biri ochilib, o‘quvchilarga zamonaviy ta’lim tizimiga mos ravishda ona tili, matematika, tarix, geografiya va boshqa fanlar bepul o‘qitilgan.
O‘zbekistonda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey ochiladi
Uyning yaxshi saqlanib qolgan eski qismida zarur restavratsiya ishlarini olib borish, shuningdek, yangi binolarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Muzeyda jadidchilik namoyandalarining qo‘lozmalari va shaxsiy buyumlaridan iborat yangi ekspozitsiya hamda jadidchilik tarixini ochib beruvchi maxsus yaratilgan multimedia tizimi o‘rin oladi.
Muzey qoshida jadidlar merosini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markaz tashkil etish ham rejalashtirilgan.

“Olimlar ilmiy faoliyat uchun barcha sharoitlarni ta’minlovchi materiallar va arxivlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, - deyiladi xabarda.

Muzeyni tashkil etish tashabbuskorlaridan biri, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning o‘g‘li Timurxo‘ja bo‘lajak muzey fondiga qadimiy qimmatli qo‘lozmalarni o‘z ichiga olgan boy kutubxonasini hamda zamonaviy adabiyotlarning keng to‘plamini sovg‘a qiladi.