TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi, deya xabar berdi O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati.
Tbilisida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili bilan uchrashdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tomoni Gruziyaga elektrotexnika mahsulotlari, avtomobillar, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, sarhil va quruq meva-sabzavotlar, polimer va kimyo mahsulotlari yetkazib berishga tayyorligi bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda ikki davlat kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ko‘plab investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari ro‘yxati imzolash uchun tayyorlangan.
Yig‘ilishda transport-logistika sohasidagi hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.
“O‘zbekiston va Gruziyaning boy madaniy va tarixiy merosi turizm sohasini yanada rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni ko‘paytirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Buning uchun kelgusida birgalikda turlar tashkil etish, mehmonxona biznesida sayyohlik kompaniyalari va tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur”, - deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili bilan uchrashdi.
© Press-slujba gruzinskogo pravitelstva
Aytilishicha, yig‘ilish yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.