TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Ukraina maxsus xizmatining “Rossiya segodnya” XAA va RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan va jurnalist Kseniya Sobchakka qarshi suiqasd uyushtirishga uringan xatti-harakatlarining oldini oldi.
FXX ma’lumotlariga ko‘ra, 14-iyul kuni Moskvada va Razan viloyatida “Paragraf-88” neonatsist guruhining a’zolari qo‘lga olingan. Ular Simonyan va Sobchakning yashash va ishlash joyilarini razvedka qilishgan.
Tergov harakatlari chog‘ida qo‘lga olingan guruh a’zolari Ukraina Xavfsizlik xizmatining topshirig‘iga binoan suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishganini tan olishgan. Har bir qotillik uchun ularga 1,5 million rubl mukofot va’da qilingan. Tintuv paytida qo‘lga olinganlardan Kalashnikov avtomati, uning 90 ta patroni, pichoq, kasteta, rezina tayoq, kishan, natsistlar ramzi tushirilgan bayroqlar, natsistlar g‘oyasi yo‘g‘rilgan adabiyot hamda ularning jinoiy niyatlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar bo‘lgan aloqa vositalari va kompyuterlar olib qo‘yilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina maxsus xizmatlarining Simonyan va Sobchakka qarshi uyushtirmoqchi bo‘lgan urinishi yana bir bor Kiyev rejimining terrorchi mohiyatini ko‘rsatishini ma’lum qildi.
“Bo‘lib o‘tayotgan voqealar yana bir bor qator teraktlar uchun javobgar Vladimir Zelenskiy (Ukraina prezidenti – tahr.) rejimining terrorchi mohiyatini ko‘rsatadi”, - deyiladi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bayonotida.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tegishli xalqaro tashkilotlarning bunga bildirgan munosabatini kutmasa ham bo‘ladi.
“Patalogik ikkiyuzlamachilik allaqachon G‘arb liberalizmining siyosiy an’anasi va uning tug‘ma refleksiga aylangan”, - deya qayd etgan diplomat.
Rossiya TIV rasmiy vakili gap “g‘arblik kuratorlar vasiylik qilayotgan Kiyev rejimi tashkil qilgan” fuqarolarga nisbatan navbatdagi terrorchilik hujumiga urinish haqida borayotganini ta’kidlagan.
“Hozir huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisa tafsilotlarini aniqlashtirmoqda, ammo hozirdanoq ravshanki, amalga oshmagan suiqasd sababi rossiyalik jurnalistlarning kasbiy faoliyati bo‘lgan”, - degan Zaxarova.
U Simonyanga muntazam ravishda tahdid qilinayotganiga e’tibor qaratgan. Bu Ukraina maxsus xizmatining unga qarshi uyushtirmoqchi bo‘lgan birinchi suiqasdi emas.
Zaxarova Ukraina uyushtirgan teraktlarni eslatib o‘tgan. Xususan, 2022-yil 20-avgust kuni Moskva viloyatida jurnalist Darya Dugina avtomobili portlatib yuborildi, u halok bo‘ldi. 2023-yil 2-aprel kuni Sankt-Peterburgdagi portlashda harbiy muxbir Vladen Tatarskiy (asl ismi Maksim Fomin) halok bo‘ldi. 6-may kuni Nijniy Novgorod viloyatida yozuvchi Zaxar Prilepin bo‘lgan avtomobil portlatib yuborildi. Oqibatda uning qo‘riqchisi halok bo‘ldi, Prilepinning o‘zi esa yarador bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, barcha bu teraktlarni uyushtirishda Ukraina maxsus xizmatining qo‘li bor.