Qoraqalpog‘istonda Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi

Madaniyat va san’at sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlarni, ayniqsa, yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Prezidentning 10-iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 219-son qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Norma.uz.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari madaniyat va san’at sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlarni, ayniqsa, yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, og‘ir iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat va san’at xodimlarini aniqlash, ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish hamda moliyalashtirish bo‘ladi.
Shuningdek, u madaniyat va san’at tashkilotlari faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlaydi, ijodkorlar, ijodiy va badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman (shahar)larining mahalliy budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalar hisobidan har chorakda ajratiladigan mablag‘lar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik ko‘mak mablag‘lari jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida olinadigan daromadlarning taqsimlanishidan tushadigan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar jamg‘arma manbalari hisoblanadi.
Madaniyat va turizm vazirligi jamg‘armaga O‘zbekiston budjetidan 2023-yil uchun Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 20 mlrd so‘m ajratadi.