Bu qiziq

Favvoralarda cho‘milish nega xavfli

Jazirama zabtiga olgan shu kunlarda cho‘milish havzalari juda gavjum. Hatto shaharu tuman markazlarida yon-atrofga salqinlik taratib turgan ba’zi favvoralar hovuzlarida ham bolajonlarni uchratish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova favvoralarda cho‘milish salomatlik uchun nega xavfiligi borasida ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, favvoralar havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik ko‘rk bag‘ishlash maqsadida barpo etiladi. Ular cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan.
Bunday obyektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson ko‘payadi.
“Oqibatda favvorada cho‘milish o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A, E), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi”, - deydi Tursunova.
Qolaversa, bunday havzalarga turli kommunikatsiya va yoritish moslamalari o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa suv ostidagi konstruksiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfini oshiradi.
Yana bir omil: favvoralar qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqog‘ini qondirishi, cho‘milishi, sho‘ng‘ishi uchun ochiq hamda qulay manbadir. Bu esa mazkur havzalarga turli lichinkalar tushishiga olib keladi.
Shifokorning so‘zlariga, agar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohatlari bor o‘g‘il-qizlar tushsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteraviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson.
Bunday muhit burun, og‘iz va quloq shilliq qavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud. O‘z navbatida, yomg‘ir suvi favvoralarga qo‘shilishi ular tarkibida zararli kimoviy aralashmalar paydo bo‘lishiga olib kelishini unutmaslik kerak.
“Ayni sababdan, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslikni tavsiya etamiz. Agar ochiq havzalarda cho‘milish vaqtida va undan keyin holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, tana harorati ko‘tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kabi alomatlar yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim”, - deya xulosa qildi Tursunova.