TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida reyd tadbiri olib borayotgan tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i, inspektor Mirali Hojiyev xizmat vaqtida yaralandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, inspektor Qorovulbozor hududida noqonuniy ov qilinayotganidan xabar topgan. Holatga chek qo‘yish maqsadida voqea joyiga borganida esa brakonyer unga o‘q uzgan. Xodim qo‘lidan yaralangan, brakonyer esa voqea joyidan yashiringan.
Ta’kidlanishicha, inspektorga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozir uning ahvoli yaxshi.
Vazirlik brakonyerlarni qo‘lga olish choralari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.