Samarqandda mahalliy aholi yovvoyi qush bolasining hayotini saqlab qoldi

Zarafshon milliy tabiat bog‘ining reabilitatsiya markazida toshqirg‘iy qushining yangi tug‘ilgan bolasi qarovga olindi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Samarqandda mahalliy aholi tomonidan Toshqirg‘iy bolasining hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘ining reabilitatsiya markazida toshqirg‘iy qushining yangi tug‘ilgan bolasi qarovga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, burgutsimonlar oilasiga mansub qush Samarqand viloyati, Jomboy tumani hududida yashovchi mahalliy aholi tomonidan topib olingan va milliy bog‘ xodimlariga topshirilgan.
“Ayni damda toshqirg‘iyning ahvoli yaxshi. U Zarafshon milliy tabiat bog‘ida uch hafta parvarish qilinadi. Uchishni o‘rganganidan so‘ng tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi”, deyiladi xabarda.
Xabarda Ekologiya vazirligi toshqirg‘iy bolasining ahvoliga befarq bo‘lmagan mahalliy aholi vakillariga minnatdorlik bildirib o‘tgan.