TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekiston hududlarida “Tez yordam”ning yangi “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tez yordam”ning 4 ta filialida yangi “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Bu yil Toshkent shahar tajribasiga asosan Andijon, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo hududiy filiallarida tez tibbiy yordam xizmatining “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi”, dedi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyati filiallarida ushbu amaliyot test-sinov rejimida faoliyat yuritmoqda.
Mazkur tizimning afzalligi shundaki, u orqali qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatish va ro‘yxatdan o‘tkazishni samarali boshqarish mumkin. Tizim tez tibbiy yordam avtomashilarini boshqarishni nazorat qilish, monitoring qilish imkonini ham beradi. Shuningdek, qo‘ng‘iroqlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish va bemor haqida ma’lumot olish ham mumkin.