O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lishdi

Farida Soliyeva kumush, balandlikka sakrash sektorida ishtirok etgan Svetlana Radzivil bronza medali sohibiga aylandi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchilar Farida Soliyeva va Svetlana Radzivil Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lishdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Tailandda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi medallariga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida 400 metrga yugurish dasturida qatnashgan Farida Soliyeva kumush, balandlikka sakrash sektorida ishtirok etgan Svetlana Radzivil bronza medali sohibiga aylandi.
22 yoshli Farida Soliyeva final dasturida 52.95 soniya natija qayd etib, marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi.

"Bu bilan navoiylik sportchimiz shaxsiy rekordini yangiladi", deyiladi xabarda.

Oltin medal Shri-Lanka vakilasiga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikni hindistonlik atlet yakunlab berdi.
400 metr, OCh:
1. Ramanayaka Nadisha (Shri-Lanka) – 52.61
2. Farida Soliyeva (O‘zbekiston) – 52.95
3. Aishvarya Mishra (Hindiston) – 53.07
Shuningdek, 1.75, 1.80 va 1.83 metr balandlikdagi plankalardan birinchi urinishdayoq o‘ta olgan Radzivil, afsuski, 1.86 metr balandlikka kelganida omadsizlikka uchradi.
Oltin va kumush medallari esa qozog‘istonlik atletlarga nasib etdi. Bu Svetlana Radzivil uchun qit’a birinchiliklaridagi oltinchi medal hisoblanadi.
Balandlikka sakrash, OCh:
1. Kristina Ovchinnikova (Qozog‘iston) – 1.86
2. Yelizaveta Matveyeva (Qozog‘iston) – 1.86
3. Svetlana Radzivil (O‘zbekiston) – 1.83