O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi sanasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston prezidentining lavozimiga kirishish marosimining aniq sanasi ma’lum bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti lavozimiga kirishish marosimi (inauguratsiya) ertaga, 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi 2023-yil 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadi", - deyilgan xabarda.

Saylangan shaxsga O‘zbekiston prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida guvohnoma topshirish va prezident lavozimiga kirishishi marosimi (inauguratsiya) saylov natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida o‘tkaziladi.

Marosimda Markaziy saylov komissiyasi Mirziyoyevga “O‘zbekiston prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida”gi guvohnomani topshiradi.

Prezident Oliy Majlis yig‘ilishida quyidagi qasamodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
"O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamod qilaman".
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, prezident fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan yetti yil muddatga saylanadi.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilarning 87,05 foiz ovozini olgan Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi qatnashdi.