Qashqadaryoda fuqaro uyida Qizil kitobga kiritilgan echkiemar va toshbaqalarni saqlab kelgan

Bundan tashqari, bu fuqaro ikkita ko‘lvor ilonni o‘ldirib, hovlisiga osib qo‘yganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida fuqaro uyida Qizil kitobga kiritilgan echkiemar va toshbaqalarni noqonuniy saqlab kelgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida reyd o‘tkazgan. “Balxiyak” MFYda o‘tkazilgan reyd davomida fuqaro A. Q. o‘z xonadonida to‘qqizta bo‘z echkiemar va beshta O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasini noqonuniy saqlab kelayotgani aniqlangan. Aniqlik kiritilishicha, toshbaqalardan biri nobud bo‘lgan.
Bundan tashqari, bu fuqaro 2 ta ko‘lvor ilonni o‘ldirib, hovlisiga osib qo‘yganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Sudralib yuruvchilar yashash muhitiga mos bo‘lgan Nishon tumanidagi cho‘l hududlariga qo‘yib yuborilgan.
O‘rganish davomida A.Q. hayvonot dunyosiga qariyb 51,5 mln so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan. Bu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ma’lumot uchun, bo‘z echkiemar va O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES konvensiyasi (yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya)ga kiritilgan.