Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisini qabul qildi

Turkiya tomoni O‘zbekiston prezidentining aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik siyosatini yuksak baholashini qayd etdi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Fuat Oktay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Fuat Oktay
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiya tomoni O‘zbekiston prezidentining aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik siyosatini yuksak baholashi va to‘liq qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish hamda oliy darajada qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mirziyoyev parlamentlararo hamkorlik guruhlarini tashkil etish va tegishli “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni olqishladi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini oshirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish, qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashgan choralar ko‘rilishi muhim ekani ta’kidlandi.