TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Yuy Szunning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi.
Xitoyning O‘zbekistondagi yangi elchisi TIV rahbari Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi
© press-slujba MID Respubliki Uzbekistan
“Ikki tomonlama hamkorligimizda ko‘plab natijalarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Yanada ko‘prog‘i oldinda. O‘zbekiston-Xitoy aloqalari yuqori sur’atda rivojlanmoqda, mavjud salohiyat esa undanda yuqori. Xush kelibsiz, janob Elchi!”, deb yozmoqda TIV rahbari Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yuy Szun Xitoyning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlangani ma’lum qilingan edi.
Yuy Szun 1972-yil avgust oyida tug‘ilgan. Xitoy Kommunistik partiyasi a’zosi, oliy ma’lumotli. Tashqi ishlar vazirligining tegishli departament va boshqarmalarida, shuningdek, xorijdagi elchixonalar va konsulliklarda ishlagan.
Yangi elchining so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi Xitoyning O‘zbekistonga nisbatan tashqi siyosatiga qat’iy sodiq bo‘ladi, O‘zbekiston jamiyatining xayrixoh vakillari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Avvalroq Xitoy elchisi Szan Yan O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgani ma’lum qilingandi. U O‘zbekistonda 5-yil ishlagan.