TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. NATO Sovuq urush davridan beri birinchi marta Rossiyaning ehtimoliy hujumiga javob berish rejasini kelishib oldi. Bu haqda Reuters agentligi uch diplomat so‘zlariga tayanib xabar berdi.
“NATO ittifoqchilari Rossiya hujumiga qanday javob qaytarishi mumkinligi bo‘yicha mintaqaviy rejalar kelishuviga erishdilar…”, — deyilgan xabarda.
Nashr buni muhim siljish deb atamoqda va tashkilot Sovuq urush davridan beri birinchi marta bunday hujjat tayyorlashga qaror qilganini ta’kidlaydi.
May oyida Reuters agentligi bergan xabarga ko‘ra, 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitda NATO Rossiya chegaralari yaqinida harbiy kuchlarni kuchaytirish bo‘yicha yangi rejalarni ma’qullash niyatida edi. Bundan tashqari, blok a’zolari harbiy idoralar va jamoaviy qo‘mondonlik o‘rtasidagi aloqalar darajasini kuchaytirish, shuningdek, Moskva bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini oshirish masalalarini muhokama qilishadi.
So‘nggi yillarda Rossiya NATOning g‘arbiy chegaralarida misli ko‘rilmagan darajadagi faolligini qayd etmoqda. Kreml Moskva hech kimga tahdid qilmasligini, lekin uning manfaatlariga potensial xavfli bo‘lgan xatti-harakatlarni e’tibordan chetda qoldirmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Rossiya, shuningdek, Vladimir Zelenskiyning Ukrainani ittifoqqa qabul qilinishi haqidagi muntazam iltimoslaridan xabardor. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va aynan Kiyev rejimining ittifoqqa qo‘shilish maqsadi maxsus operatsiya boshlanishiga sabab bo‘lganini eslaydi.