O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Ozarbayjon va Turkiya prezidentlari Mirziyoyevni g‘alaba bilan qutladi

Mirziyoyev Aliyev va Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Bu haqda Mirziyoyevning matbuot xizmatida xabar berildi.
Telefon orqali muloqotda ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy kun tartibidagi masalalarni ikki mamlakat hukumatlari darajasida puxta ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Qo‘shilmaslik harakati va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Unda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘z bordi.
Suhbat avvalida Turkiya prezidenti Mirziyoyevni muddatidan ilgari prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutladi, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, muhim investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Prezident saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, saylovda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) nomzod Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz olib, O‘zbekiston prezidenti etib saylandi.