TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Jizzax viloyatida uchta ignabargli daraxtni kesib tashlagan huquqbuzar o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun davlatga 25 million 740 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Sirdaryo viloyatida yashovchi shaxs tegishli ruxsatnomasiz jami 3 tup ignabargli daraxtlarni kesib tashlagan. Mazkur holat Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aniqlangan.
Daraxttlarni kesish ortidan huquqbuzar 1 million 650 ming so‘m jarimaga tortilgan. U shuningdek, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 25 million 740 ming so‘m zararni ham qoplaydi.
Ma’lumot uchun, huquqbuzar “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 4, 37 va 49-moddalarini buzgan. Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudida 4 tup qimmatbaho sadaqayrag‘och daraxtini kesgan fuqaro nisbatan hukm chiqardi. Hukmga ko‘ra, fuqaro B.M.ga nisbatan 2-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tanlangan. Bundan tashqari, u 326 850 000 so‘m zararni qoplashi shart.