Rossiyadagi xalqaro onkologlar forumida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston, xususan, Xorazm viloyatida amaliyotga tatbiq etilayotgan onkologik kasalliklar diagnostikasi va ilg‘or davolash usullariga doir O‘zbekiston tajribasini yuqori baholadi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro onkologlar forumida O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forumda ishtirok etayotgan 600 nafar ma’ruzachidan 40 nafarga yaqini AQSh, Xitoy, Ispaniya, Shveysariya, Serbiya, Argentina, Hindiston, Indoneziya, Eron va MDHga a’zo qator mamlakatlar vakillari.
Ular safida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filiali direktori Tohir Polvonov ham bor.
O‘zbekistonlik mutaxassis o‘z onlayn chiqishida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida ayrim xavfli o‘smalar profilaktikasi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar natijalari va buni tashkil qilish bilan bog‘liq jihatlar haqida to‘xtaldi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston, xususan, Xorazm viloyatida amaliyotga tatbiq etilayotgan onkologik kasalliklar diagnostikasi va ilg‘or davolash usullariga doir O‘zbekiston tajribasini yuqori baholab, bu boradagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Radiologiya tibbiy tadqiqot milliy markazi bosh direktori, P.A.Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Rossiya onkologlar assotsiatsiyasi prezidenti, akademik Andrey Kaprin boshchilik qilgan anjumanda tibbiyotning mazkur yo‘nalishiga doir innovatsion yutuqlar va yangi ishlanmalar haqida ham ma’lumot berildi.