Farg‘onadagi masjidda fuqaro boshqa bir shaxsga pichoq bilan hujum qildi — video

Masjid binosiga peshin namozini o‘qish uchun kirgan ikki nafar fuqaro o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgan.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Farg‘ona viloyatidagi Said Ahmad Hoji jome masjidida fuqaro boshqa bir shaxsga pichoq bilan hujum qildi. Bu haqda “Pochtachi” telegram kanali Bosh prokuraturaga tayanib xabar berdi.
Holat Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, 15-iyul kuni masjid binosiga peshin namozini o‘qish uchun kirgan ikki nafar fuqaro o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgan.
Masjid tahoratxonasiga kirgan 39 yoshli erkakning ortidan kirgan sherigi yonida bo‘lgan pichoq bilan uning bosh, bo‘yin va qorin qismiga bir necha bor urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng u masjidga qo‘shni binoda joylashgan “Navbahor” MFY mas’ullari oldiga kirib, bo‘lgan voqeani aytib bergan. Aniqlanishicha, ikki fuqaro ham Qo‘qon shahrida yashaydi.
Dang‘ara tuman prokuraturasining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Viloyat prokuraturasi ishni o‘z nazoratiga olgan.
Dang‘ara tuman shifoxonasi shifokorining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda pichoqlangan erkakning ahvoli barqaror.