"AliBaba" asoschisi Jek Ma O‘zbekistonga keldi — OAV

Xitoylik magnat 30-iyun kuni shaxsiy samolyotda O‘zbekistonga uchib kelgan.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. "AliBaba" asoschisi, xitoylik tadbirkor Jek Ma O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda "Pakistan Observer" nashri xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, xitoylik magnat Nepaldan 29-iyun kuni Islomobodga yetib kelgan, 30-iyun kuni esa shaxsiy samolyotda O‘zbekistonga uchib ketgan.
Nashrning aniqlik kiritishicha, tadbirkorning ushbu mamlakatlarga tashrifidan maqsadi “faqat shaxsiy” bo‘lib, u rasmiylar bilan uchrashmagan va OAV e’tiboridan qochgan.
Pokistonning investitsiyalar bo‘yicha sobiq davlat vaziri Muhammad Azfar Asxan ijtimoiy tarmoqda yozishicha, hatto Xitoyning Islomoboddagi elchixonasi ham Maning mamlakatga kelishidan xabari bo‘lmagan.
Jek Maga besh nafar xitoylik, amerikalik va bir nafar Daniya fuqarosi hamrohlik qilmoqda, deya aniqlik kiritmoqda nashr.
Nepalda mehmonlar Katmanduning diqqatga sazovor joylari, Pokistonda Islomobodni aylanib chiqishdi va mamlakatning ikkinchi yirik shahri Lohurga tashrif buyurishdi.
Xitoy hukumati mamlakatning eng yirik onlayn xizmatlari, jumladan, “Alibaba”ga qarshi keskin choralar ko‘ra boshlaganida Jek Ma Xitoyni tark etgan. Biroq taxminan bir yil o‘tgach, u vataniga qaytib borgan.