Xitoydan O‘zbekistonga yangi va eng qisqa yo‘nalish bo‘yicha konteyner poyezdi yo‘lga chiqdi

Poyezddagi yukning umumiy og‘irligi 1000 tonnadan oshadi. Safar vaqti taxminan 12 kunni tashkil etadi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Xitoydan O‘zbekistonga yangi multimodal yo‘nalish bo‘yicha konteyner poyezdi jo‘natildi, deya xabar berdi "O‘zbekiston temir yo‘llari”.
Kecha “Langfan – Qashqar – Irkeshtam – O‘sh – Toshkent” yangi multimodal yo‘nalishida konteynerli blok-poyezdini jo‘natish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Langfandan (Xitoy) harakatlanuvchi birinchi poyezd safarga chiqdi. Uning tarkibida qurilish materiallari bo‘lgan 41 ta vagon bor.
Butun yo‘lning masofasi taxminan 6000 kilometrni tashkil etadi va yukning umumiy og‘irligi 1000 tonnadan oshadi. Safar vaqti taxminan 12 kunni tashkil etadi.

“Hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalish (quruqlikdagi) Xitoydan O‘zbekistonga yuklarni yetkazib berish uchun eng qisqa va eng tezkor yo‘nalish hisoblanadi”, - deyiladi xabarda.

Yangi multimodal yo‘lak bo‘ylab tashish jarayoni jo‘nash punktidan temir yo‘l orqali Qashqar (Xitoy) temir yo‘l stansiyasigacha amalga oshiriladi.
Keyin esa yuklar avtotransportga ortilib O‘sh (Qirg‘iziston) temir yo‘l stansiyasiga yetkaziladi. O‘sh stansiyasidan esa Toshkentgacha yuklar temir yo‘l orqali yuk poyezdi tarkibida yetkaziladi.